Senatda Yaponiya adliya vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yaponiya adliya vaziri, Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi deputati Keysuke Suzuki bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, bunda parlamentlararo muloqotni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, «Yaponiya – O‘zbekiston» do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, parlament qo‘mitalari o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qonun ijodkorligi, parlament nazorati va hududiy vakillik organlari faoliyati sohalarida tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlashga va amaliy hamkorlikka tayyorligini bildirdi.