Senatda Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15-may kuni, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yojef Rodj bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, ikki davlat parlamentlarining o‘zaro hamkorligini yana-da faollashtirish, taʼlim sohasida tajriba almashish va xalqaro parlament tashkilotlari doirasida hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv davomida muntazam aloqalarni davom ettirish va ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni tashkil qilish bo‘yicha kelishib olindi.