Senatda Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 7 may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan, mehnat, ijtimoiy himoya, taʼlim, savdo, investitsiya va parlamentlararo hamkorlik sohalarida izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Parlamentlararo munosabatlar xususida so‘z yuritilar ekan, so‘nggi yillarda parlamentlar o‘rtasidagi muntazam muloqot va o‘zaro tashriflar faollashgani alohida eʼtirof etildi. Tashriflar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan hujjatlar imzolangani va shu tariqa parlamentlararo aloqalar yangi, amaliy bosqichga olib chiqilgani qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda mehnat muhofazasi, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, aholini band qilish va kambag‘allikni qisqartirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba va axborot almashish hamda mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi sheriklikni yana-da chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.