Senatda gender tenglik va ayollar faolligi masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 2-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning kotibiyati Gender masalalari va yoshlar bo‘yicha dasturlar rahbari Zeyna Xilal bilan uchrashdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan islohotlar olib borilayotgani va bunda parlament muhim rol o‘ynashi alohida eʼtirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda gender tenglikka oid masalalarga bag‘ishlangan forumlarni o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonlarini muhokama qilishdi.
Taʼkidlanganidek, parlament hamda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, gender tenglikni taʼminlashda parlamentning o‘rni muhim hisoblanadi.
Suhbat yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda kelgusida ayollar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha amaliy qadamlar haqida kelishib olindi.