Valyuta kurslari 25/06/2025
$1 – 12456.25
UZS – 0,36%
€1 – 14461.71
UZS – 1,57%
₽1 – 158.36
UZS – -0,01%
Qidirish
Iqtisod 25/06/2025 Senat tashqi savdoni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senat tashqi savdoni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining bugun bo‘lib o‘tayotgan sakkizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda korporativ munosabatlarni rivojlantirish hamda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha samarali izchil islohotlar olib borilayotganligi taʼkidlab o‘tildi.

Shuningdek, senatorlar qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yana-da liberallashtirish zarurati yuzaga kelayotganligiga alohida urg‘u berdi.

Bugungi kunda respublika importining 32,3 foizi erkin savdo rejimi o‘rnatilgan mamlakatlar, 61,4 foizi eng ko‘p qulaylik berish rejimi qo‘llanilayotgan davlatlar hissasiga va qolgan 6,3 foizi savdo rejimi belgilanmagan davlatlar yoki ishlab chiqargan mamlakati aniqlanmagan tovarlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, respublikaga import qilinayotgan tovarlarning 95 foizi Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlardan, qolgan 5 foizi esa ushbu tashkilotga aʼzo bo‘lmagan davlatlardan olib kelinmoqda.

Shularni inobatga olgan holda, mazkur Qonun bilan Bojxona kodeksiga eng ko‘p qulaylik berish rejimiga ega bo‘lmagan davlatlardan O‘zbekistonga keltirilayotgan tovarlar uchun tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmaganda import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinmoqda.

Shu bilan birga, Bojxona organi tomonidan harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilgandan so‘ng Davlat byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan bojxona to‘lovlarining muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirilmoqda.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish orqali tashqi savdoni adolatli qoidalar asosida amalga oshirishga, import va eksport ko‘lamini kengaytirishga erishiladi.

Shuningdek, ushbu Qonunda aksiyadorlik jamiyatlari ijro organlari hamda kuzatuv kengashlari aʼzolarining fidutsiar majburiyatlarini, jamiyat majoritar aksiyadorlarining umumiy majburiyatlari va javobgarligini belgilash hisobiga korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va mexanizmlarini joriy etish kabi masalalar ham o‘z aksini topgan.

Yalpi majlis davomida qonun qizg‘in muhokama qilinib, uning kelgusida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi haqida fikrlar bildirildi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling