Senat Raisi Merosni muhofaza qilish xalqaro alyansi – ALIPH Kengashi raisi bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatida parlament yuqori palatasi rahbari Tanzila Narbayeva Merosni muhofaza qilish xalqaro alyansi – ALIPH Kengashi raisi, Fransiya Prezidentining maslahatchisi Bariza Hiari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Sanʼat, madaniyatlararo muloqot va tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash borasida qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yangi restavratsiya tashabbuslari, yoshlar va volenterlar merosni asrab-avaylashga jalb qilish dasturlari, shuningdek, mutaxassislarning kasbiy darajasini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar orqali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida yuqori darajadagi muntazam ikki tomonlama muloqot va almashinuvlar asosida davom etayotgan parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Parlamentlarning tegishli qo‘mitalari va do‘stlik guruhlari orqali hamkorlikni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan madaniyat, sanʼat va madaniyatlararo muloqot sohasidagi sheriklikni yana-da rivojlantirish va hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligini bildirdi.