Senat Kengashi sakkizinchi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-iyun kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Kengash Senatning sakkizinchi yalpi majlisini 2025-yil 25-iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlis kun tartibiga jamiyat, siyosat, iqtisodiyot, qonunchilik, xalqaro hamkorlik va inson huquqlari sohalariga oid bir qator muhim qonunlar hamda parlament nazorati doirasidagi masalalar kiritilgan.
Jumladan, parlament aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, parlamentda siyosiy xilma-xillikni taʼminlash, ochiqlik va munozara muhitini rivojlantirish maqsadida muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda kafolat mablag‘larini joriy etish yuzasidan qonunga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar ham muhokama etiladi.
Shuningdek, majlisda iqtisodiy, agrar, ekologik va investitsiya sohalariga oid ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Хalqaro hamkorlikka oid masalalar doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish, shuningdek, Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi.
Yalpi majlisda investitsiya muhitini yaxshilash, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash hamda voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.