Santander CIB O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 31-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliev va Santander Corporate & Investment Banking kompaniyasining ijrochi direktori Ignacio del Pozo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Santander Corporate & Investment Banking (Santander CIB) – bu Yevropaning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri hisoblangan Banco Santander guruhi tarkibidagi investitsiya bo‘limidir. Kompaniya 1985 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan. Bugungi kunda Santander CIB 20 dan ortiq davlatda, jumladan, Yevropa, Lotin Amerikasi, AQSh va Osiyodagi muhim moliyaviy markazlarda faoliyat yuritmoqda.
Muloqot davomida moliya sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya O‘zbekistonda B2B (biznesdan biznesga) va G2G (davlatlararo) formatlarda amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishga katta qiziqish bildirdi. Kompaniya rahbariyati fikricha, ushbu tashabbuslar O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.