Samarqanddagi korrupsiyaga qarshi yig‘ilish hibsga olishlar bilan yakunlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan yig‘ilish davomida elektr va gaz taʼminoti korxonalarining yetti nafar xodimi zalning o‘zida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish 14 fevral kuni Bosh prokurorning o‘rinbosari, yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘yicha Respublika shtabi rahbari Shohruh Aminov boshchiligida o‘tkazildi. Unda aniqlangan korrupsiya sxemalari va noqonuniy amaliyotlarni to‘xtatish choralari muhokama qilindi. Tadbirda «Hududiy elektr tarmoqlari» va “Hududgaztaʼminot” kompaniyalari hamda ularning shahar va tuman filiallari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida energetika korxonalarining yetti nafar xodimi korrupsiya jinoyatlarida gumon qilinib hibsga olindi. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, hibs jarayoni hamkasblari ko‘z o‘ngida, qo‘llariga kishan taqilgan holda amalga oshirildi.
Energetika kompaniyalari rahbarlariga mehnat intizomiga rioya etilishini kuchaytirish va sohada korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha qatʼiy choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.