Samarqandda Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Davlat xizmati forumi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda raqamli texnologiyalar, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, IT autsorsing, davlat xizmatlarini transformatsiya qilish, raqamli yechimlar masalalari muhokama qilindi.
Vazir O‘zbekistonda raqamli hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, raqamli xizmatlarni keng joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, elchi Fransiyadagi raqamlashtirish jarayonlari, raqamli xizmatlardan foydalanish madaniyati va sohadagi ilg‘or tajribalar haqida gapirib, bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida IT autsorsing salohiyatini rivojlantirish, Fransiya elchixonasi imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘zbek IT kompaniyalarining Yevropa bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish va boshqa mamlakatlarga IT xizmatlarini eksport qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazir mazkur yo‘nalish milliy raqamli infratuzilmaning xavfsizligida alohida o‘rin tutishini qayd etdi hamda ushbu sohada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida maxsus Cyber University tashkil etilganini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli transformatsiya, kiberxavfsizlik va IT eksportni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.