Rossiya Federatsiyasidan 11 nafar o'zbekistonlik bola vatanga olib kelindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29-mart kuni Toshkent xalqaro aeroportida Moskvadan uchib kelgan samolyot qabul qilib olindi. Havo kemasi bortida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sog'liqni saqlash vazirligi xodimlari hamrohligida Rossiya Federatsiyasida ota-ona qaramog'isiz qolgan 11 nafar voyaga yetmagan o'zbekistonlik bola yurtimizga qaytarildi.
Jarayon davomida O'zbekistonning RFdagi elchixonasi bolalarni vatanga qaytarish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish ishlarini o'z vaqtida amalga oshirdi.
Bolalar vaqtincha Toshkent shahar IIBB qoshidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markaziga joylashtirilib, ularning 4 nafari "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan oldindan tayyorlangan o'z oilalariga, 7 nafari esa vasiylik va homiylik tayinlangan holda yaqin qarindoshlariga topshiriladi.
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ularning kelgusidagi yashash joylarida ham davom ettiriladi.