Valyuta kurslari 04/08/2025
$1 – 12725.16
UZS – 0,26%
€1 – 14507.95
UZS – -0,02%
₽1 – 158.65
UZS – 0,13%
Qidirish
O‘zbekiston 04/08/2025 Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi «TBC Bank Group PLC» va «Shoppe Group» o‘rtasidagi bitimni maʼqulladi

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi «TBC Bank Group PLC» va «Shoppe Group» o‘rtasidagi bitimni maʼqulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan “TBC Bank” kompaniyalar guruhiga tegishli bo‘lgan Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi tomonidan “Billz” platformasiga egalik qiluvchi “Shoppe Group” MCHJ XKning 46,67 foiz ulushlarini sotib olish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqildi.

“TBC Bank Group PLC” kompaniyasi – holding kompaniyalari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot.

“Shoppe Group” MCHJ XK “Billz” savdo belgisi ostida bulutli texnologiyalar asosida savdo va tovarlar hisobini yuritish, boshqarish, elektron tijorat vositalari yordamida onlayn xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha raqamli platforma operatori hisoblanadi.

Taʼkidlash lozimki, “TBC Bank Group PLC” kompaniyasiga bilvosita “TBC bank” ATB va onlayn to‘lov tizimlari xizmatini ko‘rsatuvchi “Payme” AJ raqamli platformasiga egalik qiladi.

Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitimga oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, mazkur bitim yuzasidan raqobatni taʼminlashga qaratilgan quyidagi talablar qo‘yildi:

“Billz” platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari, jumladan bir vaqtning o‘zida “TBC Bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda tarzda taʼsir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;

shuningdek, “Billz” platformasi orqali to‘planuvchi yoki qayta ishlanuvchi maʼlumotlardan foydalanishda “TBC Bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid hamda isteʼmolchilarning shaxsiy yoki tijorat maʼlumotlarini raqobatni cheklash yoki “TBC Bank” ATB va “Payme” AJning bozordagi mavqeini mustahkamlash maqsadida har qanday shaklda foydalanmaslik yoki oshkor qilmaslik choralarini taʼminlash;

Qo‘mita, shuningdek, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 maydagi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 19-bandi talablariga qatʼiy rioya etish zarurligini eslatdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling