Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha yolg‘on “konsultantlar” tomonidan amalga oshirilayotgan firibgarliklar haqida fuqarolarni ogohlantirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi fuqarolarga rasmiy ogohlantirish bilan chiqdi. Bu esa ayrim konsalting kompaniyalarining chet elda ishga joylashtirish va o‘qish xizmatlarini taklif qilishi bilan bog‘liq ko‘plab firibgarlik holatlari bilan bog‘liq.
Joriy yilda fuqarolarimizdan Qo‘mitaga 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi xorijda ishga yoki o‘qishga joylashtirish vaʼdasi bilan firmalarga pul to‘lagan, ammo to‘langan mablag‘lar qaytarilmagan yoki xizmatlar bajarilmaganligini bildirishmoqda.
Misol tariqasida bir nechtasini keltirish mumkin,
Toshkent shahridagi “KONSALTING N1 B2B” MCHJga 16 mln so‘mdan ortiq to‘lov qilgan A.B.ning Latviyaga ishga yuborish masalasi bo‘yicha.
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sh.M.ning Latviya davlatida ish topish va viza rasmiylashtirib berish uchun Qo‘qon shahridagi “VIVAT VIZ” MCHJga jami 2000 AQSH dollari ekvivalenti miqdorida pul to‘laganligi to‘g‘risida.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi fuqaro O.X. Germaniyaga ishlashga borish maqsadida Yakkasaroy tumanidagi “BLACK MOUNTAIN PRO” MCHJga 36 mln so‘m to‘lagan. Biroq, firma faoliyatini yuritmayotganligi, xizmatlar bajarilmaganligi hamda pullar qaytarilmaganligi to‘g‘risidagi va boshqa murojaatlardir.
Qo‘mita eslatib o‘tdiki, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, xorijda ishga joylashtirish xizmati faqat litsenziyaga ega agentliklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Ammo ko‘pgina firmalar bu qoidaga amal qilmaydi. Jumladan, “DIAMOND IDEAL”, “XORIJDA ISH VA O‘QISH”, “SJ TEAM”, “CONSULTING FLY”, “ASIA CONSULT EDUGATELY”, “EURO ASIA CONSULTING CENTRE”, “EXLUSIVE ASSISTANT”, “DOCH CONSULT”, “GLOBAL CONSULTING EFFORT” va “POLAND BUSINESS SUPPORT AND VIZA” MCHJlar kabi konsalting firmalari ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni ishonchiga kirib, ularga xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni vaʼda qilib, faqat pul olishgan, ammo ularning xizmatlari bajarilmagan. Bunday firmalarning ko‘pchiligi litsenziyaga ega emas va ularning faoliyati qonuniy emas.
Shuningdek, Yevropaning Irlandiya, Angliya, Daniya, Norvegiya kabi davlatlariga ishga yuborish to‘g‘risida eʼlonlar berib, fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelayotgan “EVERYONE CONSULT” va “WORLDVIZA” MCHJlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (112,5 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilgan. “RICH RESULT”, “RAVON CONSULT GROUP” va “ADWORLD GROUP” MCHJlar kabi firmalarga nisbatan ham huquqiy choralar ko‘rilgan.
Qo‘mita fuqarolarni asossiz bayonotlariga ishonmaslikka, www.license.uz portali orqali kompaniyalarning litsenziyasi bor-yo‘qligini tekshirishga, shuningdek, shartnomalarni to‘liq o‘rganib chiqmasdan oldin to‘lov amalga oshirmaslikka chaqirdi.