Raqobat qo‘mitasi 2024 yilda tabiiy monopoliyalarga qarshi 400 dan ortiq ish qo‘zg‘atdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tabiiy monopoliya subyektlariga nisbatan 400 dan ortiq ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlarning asosiy qismi korxonalar tomonidan narxlarni asossiz oshirish holatlari va bunday qonunbuzarliklarning oldini olish choralariga qaratilgan.
Bundan tashqari, Qo‘mita isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va tabiiy monopoliyalarni tartibga solish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, 200 mingdan ortiq isteʼmolchi uchun to‘lovlarni qaytarish va qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Jami hisobda fuqarolarga taxminan 50 milliard so‘m qaytarilgan.
Jumladan, “O‘zsuvtaʼminot” kompaniyasiga isteʼmolchilarga belgilangan tarifdan ortiq to‘langan 7 milliard so‘mni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» va uning filiallari tomonidan 5 milliard so‘m miqdorida noqonuniy daromad olingani aniqlandi.
2025 yil fevral oyida Raqobat qo‘mitasi Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan Elkimyo-Suvta‘minot korxonasi isteʼmolchilarni ogohlantirmasdan suv taʼminoti tariflarini oshirganini aniqladi. Natijada, kompaniya noqonuniy ravishda 200 million so‘mdan ortiq daromad olgan.