Qonunchilik palatasi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda meva-sabzavot yetishtiruvchi subyektlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash, intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo qilish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, qayta ishlash, eksport salohiyatini oshirish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi — meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan arizalar, shikoyatlar va da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida undagi normalar deputatlar bergan takliflar asosida “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqlashtirildi.
Qonun loyihasi qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Artiqov “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartish, ya’ni ma’muriy sudlarga shikoyat qilish bilan bog‘liq masalaga e’tibor qaratdi. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi o‘z manfaatidan kelib chiqib, ma’muriy sudga shikoyat qilsa, davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilayotganini, bu esa ma’muriy sud ish yurituvi prinsipiga qanchalik to‘g‘ri kelishiga izoh so‘radi.
Qonun loyihasiga mas’ul deputatlar, qonun tashabbuskorlari mazkur hujjat yuzasidan ko‘tarilgan shu va boshqa savollarga atroflicha javob berib, bugungi kunda ushbu masala bilan bog‘liq tahlillar, raqamlarni keltirib o‘tishdi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov qonun loyihasini yanada takomillashtirish zarurati borligini va uni qo‘mitaga qaytarish taklifini ham bildirdi.
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov meva-sabzavot yetishtiruvchi subyektlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi kuni kecha bo‘lib o‘tgan siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilinganini ta’kidlab, qo‘mita taklifi ovozga qo‘yilishini so‘radi.
Majlisda qonun loyihasiga 46 nafar deputat qarshi ovoz berdi, 13 nafar deputat betaraf bo‘ldi. Natijada mazkur hujjat juda kam ovoz ustunligi bilan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.