Qonunchilik palatasi “Banklarni sog‘lomlashtirish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan banklarni sanatsiya qilish va tugatish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, banklarning iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan vazifalari va xizmatlari uzluksizligini ta’minlash, omonatchilar hamda kreditorlar manfaatlarini himoya qilish hamda bu orqali moliya va bank tizimi barqarorligini ta’minlashda sanatsiya vositalaridan samarali foydalanishga doir huquqiy asoslar joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada Markaziy bankni banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida belgilash va unga sanatsiya qilishga oid vakolatlar berilishi nazarda tutilyapti. Shuningdek, banklarni sanatsiya qilishda foydalaniladigan vositalar, sanatsiya qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar, banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.
Muhokamalarda deputatlar banklarni sanatsiya qilish maqsadlari va prinsiplari, sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari, omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilish, banklarning budjet mablag‘lariga qaramligini kamaytirish, mijozlarning bank tizimiga ishonchini oshirish ko‘zda tutilayotganini ijobiy baholadilar.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda moliyaviy barqarorlikni saqlash, banklarning to‘lovga qobiliyatsizlik holatiga tushib qolmaslik, bunday holat vujudga kelganda esa banklarni iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan vazifalari va xizmatlari uzluksizligini ta’minlash imkoniyatini beradi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.