Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
Iqtisod 19/06/2025 Qarshidagi korxona global yetkazib berish zanjiridan o‘rin olgan

Qarshidagi korxona global yetkazib berish zanjiridan o‘rin olgan

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar soha va tarmoqlarda o‘z natijalarini bermoqda. Butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri. Qiymati 10 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha elektr texnikasi yo‘nalishida global yetkazib berish zanjirida o‘rin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yo‘naltirilmoqda. O‘tgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

- Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yo‘l topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab bo‘ladi. Faqat sifat bo‘yicha va nomenklatura bo‘yicha o‘sish, raqobatbardosh bo‘lish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim vazifa - mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling