Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
Iqtisod 19/03/2025 Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvi boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvi boshlandi.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bu bizning strategik yo‘limiz! Tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli bo‘ladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi.

Dekabr oyidagi “ochiq muloqot”da asosan yirik tadbirkorlar bilan gaplashib, keyingi rejalarni belgilab oldik.

Bugun kichik va o‘rta biznesda tez o‘sayotgan tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni ham “chempion”ga aylantirish uchun nima qilish kerak, degan savolga sizlar bilan birgalikda javob topishimiz zarur”, - dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Yurtimizda kichik va o‘rta biznes ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylandi.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, yaratilgan sharoitlar hisobiga kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi. Ularda 10,5 million odam daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda.

Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayapti.

“Bir haqiqatni yaxshi anglab olish kerak. Har qanday muvaffaqiyatli yirik biznesga erishish, eng avvalo, kichik g‘oya va harakatdan boshlanadi.

O‘zgarishlarga tez moslashadigan, yangilik va raqobatdan qo‘rqmaydigan, muhimi, odamlarni ishli qilib, daromadini ko‘paytirishda eng faol soha ham bu – kichik biznes.

Shu bois, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, - dedi Prezident.

Prezidentimiz 2025 yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtaldi. Bular:

– kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;

- yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;

- ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;

- 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;

- 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;

- kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

- kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish.

Prezident soha uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan katta dastur ishlab chiqildi. Bunga 2025 yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar ajratiladi.

"Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trillion so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan", - dedi davlatimiz rahbari.

Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trillion so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi.

Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi.

"Uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan ortib, tadbirkorlik bilan odamlarni ishli, daromadli qilayotgan ayollarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi", - dedi Prezident.

Bu yildan kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berish boshlandi. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuni 150 million so‘mi garovsiz beriladi. Xuddi shunday, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.

Biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlar ommalashmoqda.

O‘zbekistonda besh yilda venchur fondlar ishtirokida 145 million dollarlik 53 ta startap loyiha amalga oshirildi.

Bu hali kamligi qayd etilib, 9 ta davlat banki 3 ta venchur kompaniya ochib, 50 million dollarlik fond shakllantirgani biznesni boshlayotgan tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat ekani taʼkidlandi.

"Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yo‘nalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat olib kiradi.

Startap orqali yaratilgan yuqori samarali innovatsion mahsulot yoki xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmasi uchun yo‘l ochadi",- dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari venchur fondlar mablag‘ining bir qismini sunʼiy intellekt loyihalariga yo‘naltirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Yaratilgan sharoitlar hisobiga uch yilda 250 mingta yangi korxona ish boshladi. Ularning ko‘pchiligi “oyoqqa turib”, faoliyatini kengaytirishi uchun yer va bino kerak.

"Hokimlar yerlarni tanlashda, eng avvalo, kengayish istagida yurgan, loyihasi tayyor tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarur", - dedi Prezident.

Masalan, Yunusoboddagi “Mingboyev robotiks” korxonasi nogironligi borlar uchun protez va ekzo-skeletlar yasab, 100 ga yaqin odamni faol ijtimoiy hayotga qaytargan. Tadbirkor faoliyatini kengaytirish uchun nogironligi bo‘lgan odamlar bemalol kirib-chiqishi uchun qulay joy so‘ragan.

Bunday yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari 5 yilga bepul ijaraga berilishi belgilandi.

Shu bilan birga, bu borada yangi tizim joriy qilinadi: 15 ta tuman va shaharda barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Yangi binolarning 1-2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi.

Ushbu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Bu yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trillion so‘mga qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi.

Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5,2 ming gektar yerni yaxlit holda savdoga qo‘yib, 49 yilga ijaraga berish boshlandi.

Bu yerda tadbirkorlarga o‘zi xohlagan ekinni ekib, bir qismiga saqlash, saralash, qadoqlash quvvatlari qurishiga ham ruxsat berildi.

Endilikda shu yilning o‘zida yana 30 ming gektar yerlar yangi tizim asosida savdoga chiqariladi.

Yaqinda “Uzagro-star” xolding kompaniyasi tashkil qilindi. 9 ta bank ushbu xolding tarkibida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 16 ta kompaniya ochdi.

Bu kompaniyalar har bir viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlaydigan agrosanoat kompleksini quradi. Bunga dastlabki bosqichda yana 200 milliard so‘m beriladi.

Prezidentimiz tadbirkorlarda yangilik qilish, tannarxni pasaytirish, sifatni yaxshilash orqali yangi bozorlarga chiqishga ishtiyoq tobora kuchayib borayotganini taʼkidladi.

Lekin ularning hammasi ham buning uchun qayerga borib, kimga uchrashish, qayerdan mutaxassis, yangi texnologiya olib kelishni bilmasligi qayd etildi.

Shu bois 20 ta tumanda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bu maqsadlarga shu yilning o‘zida 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Loyiha ofislari korxonalarga tannarxni tushirish, sifat va texnologiyani yaxshilashga, ularni yiriklashtirib, sanoat darajasiga olib chiqishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” bo‘ladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilinadi.

Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ayniqsa, ular faoliyat boshlagan birinchi yilda qo‘llab-quvvatlash juda muhimligi taʼkidlandi.

Masalan, oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan tugatilgan. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax viloyatlari masʼullari yangi korxonalar bilan ishlashda eng orqada ekani ko‘rsatib o‘tildi.

"Bundan buyon, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Yaʼni, ilk bor maʼmuriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sug‘urtalangan” bo‘ladi", - dedi Prezident.

Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Yaʼni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutib turibdi.

Shu bois bu jarayon ham soddalashishi eʼlon qilindi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.

2028 yil 1 yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.

"Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy eʼlon qilinadi.

Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi", - dedi Prezident.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling