Poytaxtda fojeali YTH: skuter haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 iyun kuni tungi soatlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanida og‘ir yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi, uning oqibatida inson halok bo‘ldi.
Poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, avariya soat 23:50 larda Mirzo Tursunzoda va Mehrigiya ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan.
Skuter va Damas rusumidagi avtomashina to‘qnashuvi natijasida Damas ag‘darilib ketgan. Afsuski, skuter haydovchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — «Yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, inson o‘limiga sabab bo‘lgan holat» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu modda sanksiyasiga ko‘ra, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va muayyan huquqlarni cheklash jazosi nazarda tutilgan.
Ayni paytda hodisaning barcha jihatlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.