Pokistonning Yunus Textile Mills kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari A.To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonning yetakchi to‘qimachilik kompaniyalaridan biri — Yunus Textile Mills rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yunus Textile Mills — Pokistonning yetakchi to‘qimachilik kompaniyasi bo‘lib, 1983 yilda tashkil etilgan va Taba Group xolding tarkibiga kiradi. Kompaniya oilaviy xususiy biznes sifatida faoliyat yuritadi.
Korxonada to‘liq ishlab chiqarish zanjiri mavjud: ip ishlab chiqarish, to‘qish, bo‘yash va tayyor mahsulot tayyorlash. Har kuni 500 ming m², yillik 180 mln m² to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Barcha mahsulotlar 100% eksport uchun mo‘ljallangan.
Korxonada 10 000 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ishlab chiqarish jarayonlari Yevropa va Yaponiya texnologiyalari asosida avtomatlashtirilgan. Asosiy mahsulotlar: uy to‘qimachiligi (odevalo, yostiq, choyshab, parda, skatert, sochiq). Kompaniya 25 turdagi xalqaro sertifikatlarga ega.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni mamlakatimizdagi faoliyatsiz to‘qimachilik korxonalari bazasida qo‘shma uy to‘qimachiligi ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif berdi. Yunus Textile Mills rahbariyati mazkur taklifga yuqori qiziqish bildirib, yaqin kelajakda O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar, bu esa istiqbolli hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.