Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 03/03/2025 Pokistonlik biznesmenlar Buxoro viloyati bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda

Pokistonlik biznesmenlar Buxoro viloyati bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 28 fevral kuni viloyat hokimi Botir Zaripov pokistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi elchisi Alisher To‘xtayev, O‘zbekiston Respublikaschi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Halimjon Safarov, O‘zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi  elchixonasi savdo maslahatchisi Bahrom Yusupov qatnashdi.

Muloqot avvalida Botir Zaripov mehmonlarni Buxoroga tashrifi bilan qutladi va mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotganini, biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlar bartaraf etilganini alohida  taʼkidladi. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilayotgani eʼtirof etildi. 

Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Pokiston mamlakatlari tarixidagi so‘nggi sakkiz yil har ikki davlat o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik aloqalarining cho‘qqisi bo‘ldi. Iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda, madaniy-gumanitar aloqalar va ziyorat turizmi sohasida ham zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida ham imkoniyatlar mavjud.

Bugungi kunda Pokiston iqtisodiy jihatdan dunyodagi tez rivojlanayotgan o‘rta daromadli mamlakatlardan biridir. Ko‘p aholi va ulkan iqtisodiy imkoniyatlarga ega, sanoati rivojlangan mamlakat. To‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari sohalarida ilg‘or hisoblanadi.

— Bu sohalar rivojiga katta eʼtibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun Pokistonning tajribasi va texnologiyalari muhim. Pokiston uchun ham izchil rivojlanayotgan, investorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston istiqbolli hamkor deb hisoblaymiz, – dedi Botir Zaripov.

Qayd etish lozimki, so‘nggi 8 yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 5 baravarga oshdi. Hozirda hududda 450 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, viloyatimiz tadbirkorlari va Pokiston Islom Respublikasi  kompaniyalari hamkorligida 12 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
Pokiston Islom Respublikasi va Buxoro viloyati o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 2024 yilda 6,0 mln. dollarni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 60 foizga o‘sgan (2023 yilda 3,6 mln. dollar).  Shu jumladan, eksport hajmi 4,5 mln. dollar va import hajmi 1,5 mln. dollarga yetgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizga, xususan, Buxoroga kelayotgan sayyohlar va mehmonlar soni ham jadal surʼatlar bilan ortib bormoqda.  Yillik xorijiy sayyohlar soni 1,7 millionni tashkil etayotgan bo‘lsa, 2024 yilda pokistonlik sayyohlarning soni 1200 nafarni tashkil etdi.


— Albatta, bu ko‘rsatkichlar biz uchun juda kam. Kelgusida biz Pokiston Islom Respublikasidan Buxoro viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini hamda tashqi savdo aylanmasi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirilishiga ishonamiz. Bunga bugungi uchrashuvimiz katta maydon vazifasini o‘taydi, – dedi viloyat rahbari. 

Muzokarada Buxoro viloyatida investorlar va ishbilarmonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan, ishga solinmagan juda katta salohiyat mavjudligi taʼkidlanib, aniq konstruktiv takliflar o‘rtaga tashlandi. Pokistonlik sarmoyadorlar mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ikki tomonlama manfaatli  loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

Viloyat rahbari Buxoro viloyati hokimligi Pokiston hududlari bilan amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish, yangi loyihalarni ishlab chiqish, eng muhimi – investor va ishbilarmonlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish uchun muntazam ishlashga tayyorligini bildirdi. Tadbirkorlar faoliyati uchun viloyatda erkin investitsion  muhit mavjudligi va tadbirkorlar faoliyati  qonun himoyasida ekanligini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, uchrashuvda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib olindi. 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling