Pokistonlik biznes delegatsiyasi Buxoro viloyatidagi sanoat obyektlariga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasi “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Qayd etish joizki, hozirda ilg‘or xorijiy tajriba asosida Kogon tumanida ming gektarda “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki barpo qilinmoqda.
Mazkur obyektning tashkil etilishi natijasida Buxoro viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga erishiladi.
Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu – viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi.
Loyiha bosh rejasi bo‘yicha hozirda “Buxoro-Qarshi” avtomagistral yo‘lidan sanoat parki barpo etilayotgan hududga qadar 3 kmdan ziyod masofada yo‘l qurilishi amalga oshirilmoqda. Mehmonlar mazkur yo‘l bo‘yida yaxshi niyatlar bilan daraxt o‘tqazishdi.
Shuningdek, ular sanoat parkida investorlar uchun mavjud imtiyoz va yengilliklar haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘lishdi.