Pokiston kompaniyalari Samarqandda qo‘y terisini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyatida O‘zbekiston hukumati vakillari hamda Pokiston charm sanoati mutaxassislari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan viloyat hokimligida tashkil etilgan uchrashuvda ikki tomon charm-poyabzal sanoatida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, qo‘y terisini qayta ishlash bo‘yicha aniq rejalar va mexanizmlar muhokama qilindi.
Samarqand viloyati o‘zining geografik joylashuvi, chorvachilik salohiyati va charm xomashyo bazasi bilan yuqori salohiyatga ega hududlardan biri hisoblanadi. Ushbu imkoniyatlar haqida uchrashuvda viloyat hokimiyati, tegishli vazirliklar va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari tomonidan batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Pokiston delegatsiyasi o‘z navbatida, ayniqsa qo‘y terisiga ixtisoslashgan charm korxonalari uchun ishonchli va barqaror xomashyo manbasini izlayotganini bildirdi.
Pokistonliklar Samarqanddagi mavjud xomashyo imkoniyatlarini o‘rganar ekan, qo‘y terisining birinchi nav namunalarini olib ketish, uni qayta ishlash va sifatini texnik mezonlar asosida baholashga kelishib olindi.
“Biz bu yerda nafaqat xomashyo borligini, balki sanoatlashtirish uchun tayyor muhit mavjudligini ham ko‘rdik. Pokistonda mahsulot sifati tekshirilib, texnik talablarga mos kelsa, qayta ishlashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hududida yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz,” — dedi delegatsiya vakili.
Shu munosabat bilan yaqin kunlarda Pokistondan maxsus mutaxassislar yuborilishi, ular orqali o‘z standartlari asosida terini saralash va yig‘ish, so‘ngra namunalarni Pokistonga qayta ishlash uchun olib ketish rejalashtirilgan.