Pokiston delegatsiyasi Farg‘ona vodiysida charm-poyabzal sanoati salohiyatini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati bilan yaqindan tanishish, investitsiya imkoniyatlarini o‘rganish va eksport salohiyatini baholash maqsadida Pokiston charm sanoati delegatsiyasi Farg‘ona vodiysiga amaliy tashrif amalga oshirdi. Ushbu tashrif “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, mintaqaviy sanoat zonalari, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning salohiyati xorijiy mutaxassislar e’tiborini tortdi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya Farg‘ona viloyatida joylashgan “Adib” MChJ faoliyati bilan tanishdi. Korxonaning ishlab chiqarish liniyalari, mahsulot sifati va eksport imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Qo‘shtepa tumanidagi kichik sanoat zonasi (KSZ)ga tashrif davomida delegatsiya a’zolariga zonaning infratuzilmasi, yer ajratish shartlari va imtiyozli rejimlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Delegatsiya vakillari bu ma’lumotlarni Pokiston charm sanoati uyushmasi a’zolari bilan baham ko‘rishini bildirdi.
Tashrifning keyingi manzili Andijon viloyatidagi “Ravon Taraqqiyot Orzusi” MChJ korxonasi bo‘ldi. Bu yerda charm poyabzal mahsulotlariga katta qiziqish bildirilib, eksport borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. Tomonlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, namunaviy buyurtmalar va logistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, Andijondagi KFKga tashrif ham delegatsiyada katta taassurot qoldirdi. Charm mahsulotlarining yaratilish jarayoni, xomashyo tanlash bosqichidan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ko‘zdan kechirildi.
Tashrif yakunida Oltinko‘l tumanida joylashgan zamonaviy charm-poyabzal kichik sanoat zonasi (KSZ) ko‘zdan kechirildi. Delegatsiyaga zona faoliyati, mavjud infratuzilma, savdo markazi va korxonalarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Delegatsiya a’zolari dastlab Oltinko‘lda namunaviy shourum tashkil etish, qiziqish bo‘lgan taqdirda esa ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.