Pensiyani proaktiv shaklda tayinlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.
Mamlakatimizda keksa yoshdagi, boquvchisini yo‘qotgan va mehnatga layoqatsiz aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, fuqarolarga pensiyalarni tayinlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada yaxshilash hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, sohada ilg‘or raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish dasturlari samaradorligini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgani munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar o‘rtaga tashlandi. Qonun tashabbuskorlari deputatlar savollariga batafsil javob qaytarishdi. Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.