Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimiz poytaxti parlamentarizm olamidagi eng muhim voqea – Parlamentlararo ittifoqning (PI) 150-yubiley assambleyasiga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Toshkentda Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo‘mitasining tashkiliy masalalar yuzasidan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Senat Raisi o‘z nutqida PI rahbariyatiga, xususan, Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson va Bosh kotib Martin Chungong 150-yubiley Assambleyani O‘zbekistonda o‘tkazishga rozilik bildirgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tadbirning yurtimizda o‘tkazilishi mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning xalqaro darajadagi eʼtirofi ekani taʼkidlandi.
T.Narbayeva o‘z chiqishida ijtimoiy adolat, kambag‘allikka barham berish va zaif qatlamlarni himoya qilish masalalarining dolzarbligini qayd etib, bu borada parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, O‘zbekiston parlamentining PI faoliyatidagi ishtiroki tobora faollashayotgani taʼkidlandi. Prezident Sh.Mirziyoyevning “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi tashabbusi PI tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangani qayd etildi:
– Milliy parlamentimiz, xususan Senat jahon kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ushbu xalqaro tuzilma bilan bundan buyon ham samarali, konstruktiv muloqotni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanligini bildirmoqchiman.
Shu bilan birga, PI Ijroiya qo‘mitasi faoliyati yuqori baholanib, uning parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatiga urg‘u berildi. PI bilan o‘zaro hamkorlik doirasida Buxoro va Toshkent shaharlarida xalqaro parlament forumlari hamda PIga aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham taʼkidlandi.