Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 07/05/2025 “O‘zeltexsanoat” va KEIC o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

“O‘zeltexsanoat” va KEIC o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 6-may kuni “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga Koreya Respublikasining Koreya elektrotexnika sanoati kooperativi (KEIC) raisi Chon Myong Xva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan keldi.

Mazkur delegatsiya tarkibida quyidagi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi:

• Baek Byung Nam, KEIC bosh direktori

• Jang Ho Won, Hapdong Electronics IND Co., Ltd bosh direktori

• An Hi Deok, Shinwon Electronics bosh ijrochi direktori

• Jin Byong Yun, Chang Hung Telecom Co., Ltd bosh ijrochi direktori

• Kim Dong Hwa, Ora System Co., Ltd bosh direktori

• Shin Yong In, DH Media Tech Co., Ltd bosh direktori

• Li Sang Oyuk, Soldia Co., Ltd bosh direktori

Uchrashuv davomida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va uyushma raisi o‘rinbosari Faridun Abdualimov xorijiy mehmonlar bilan muzokaralar olib bordilar. Tomonlar o‘z tashkilotlari faoliyati va vazifalari haqida batafsil ma’lumot almashdi.

KEIC raisi Chon Myon Xva tashrifdan ko‘zlangan maqsadni O‘zbekistondagi investitsion muhitni o‘rganish hamda elektrotexnika sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish sifatida ta’kidladi.

Delegatsiya tarkibidagi “DH Media Tech Co., Ltd.” bosh direktori Shin Yong In ham so‘zga chiqib, kompaniya xorijiy faoliyatini kengaytirishda birinchi bo‘lib O‘zbekistonni tanlaganini bildirdi. U 2024-yilda Chirchiq shahrida ochilgan “DHMT Global” korxonasi haqida so‘z yuritdi. U yerda KOMT brendi ostida mikrofonlar, ovoz kuchaytirgichlar, miksherlar, konferensiya tizimlari, audio ekvalayzerlar, DJ va ovoz yozish uskunalari ishlab chiqarilishi qayd etildi. 

Ushbu muvaffaqiyatli tajriba Koreyaning boshqa elektrotexnika kompaniyalarini ham O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga undayotganligi bildirildi.

Uyushma raisi Mirziyod Yunusov mehmonlarga yurtimiz elektrotexnika sanoatining hozirgi holati, Koreya bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari, yangi investitsion loyihalar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tomonlar muzokara davomida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha taklif va g‘oyalar almashishdi:

• yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish,

• elektrotexnika sohasidagi xodimlar malakasini Koreyada oshirish,

• ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va o‘zaro tajriba almashish.

Tashrif yakunida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda KEIC o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Har ikki tomon ham hamkorlikdan manfaatdor ekanini, muzokaralar davomida muhim kelishuvlarga erishilganini alohida qayd etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling