“O‘zeltexsanoat” uyushmasida Xitoyning yirik energetika kompaniyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 22-may kuni “O‘zeltexsanoat” uyushmasida Xitoyning yirik energetika kompaniyalari – "China Electrical Equipment", "China Huadian Overseas Investment" va "Poly Changda" vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Xitoy tomonidan "China Electrical Equipment" kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh vakili Ma Jun, shuningdek "China Huadian Overseas Investment" va "Poly Changda" kompaniyalarining mas’ul vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan Energetika vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda mamlakatda faoliyat yuritayotgan kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalar vakillari qatnashdi.
Muhokama mavzusi: Jizzax viloyati Forish tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi hamda kompaniyalarning respublika hududida muqobil energetika yo'nalishida kelgusida amalga oshirishi rejalashtirilgan loyihalari doirasida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kabel mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ushbu yirik energetika loyihasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlardan keng foydalanish, ayniqsa kabel mahsulotlarini mahalliylashtirish, transport va logistika jarayonlarini optimallashtirish, shuningdek uzoq muddatli hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida loyiha ishtirokchilari o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va mahalliy sanoat salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy choralarni belgilab olishdi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish hamda milliy energetika tizimini modernizatsiya qilishda muhim bosqichlardan biri bo‘lib, xususiy sektor bilan xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish imkonini beradi.