“O‘zcharmsanoat” Gvardi va Tergan bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Turkiya biznes-forumi doirasida charm sanoati yo‘nalishidagi ikki muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari, soha korxonalari va Xalq banki hamkorligida Turkiyaning yetakchi charm brendlari – Guardi va Tergan kompaniyalari bilan amaliy muzokaralar o‘tkazildi.
Premium toifadagi charm mahsulotlari bilan mashhur Guardi kompaniyasi bosh menejeri Aydin Aksu bilan uchrashuvda charm xomashyosini Turk bozoriga eksport qilish, O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etish, brend ostida ishlab chiqarish va dizayn sohasidagi tajriba almashinuvi kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Guardi vakillari O‘zbek charm xomashyosiga alohida e’tibor qaratdi va istiqbolli hamkorlik imkoniyatlarini ijobiy baholadi.
Shuningdek, 30 yillik tarixga ega Tergan kompaniyasi rahbari Mustafa Tergan bilan o‘tkazilgan muloqotda mahsulot ishlab chiqarish, dizayn markazlarini yaratish va savdo tarmoqlarida sheriklik masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston charm sohasidagi islohotlar, kichik sanoat zonalari, soliqqa oid imtiyozlar va xalqaro logistika imkoniyatlari taqdimot qilindi.
Mazkur muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro tashriflar, mahsulot namunalarini almashish, texnik talablarga moslashtirish va tijorat loyihalarini shakllantirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Toshkentda boshlangan ushbu muloqot ikki davlat o‘rtasida charm sanoati sohasida yangi sahifani ochmoqda — samarali, chuqur va uzoq muddatli hamkorlik sari muhim qadam bo‘ldi.