“O‘zbekneftgaz” va “Air Products” GTL zavodi sinov natijalari va strategik hamkorlik rejalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi va “Air Products Netherlands Gases B.V.” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida “Uzbekistan GTL” zavodida amalga oshirilayotgan rejali to‘liq quvvatda ishlashni sinovdan o‘tkazish (Performance Test) jarayonlarining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlangani ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur texnologik jarayonlar quvvatini 100 foizgacha olib chiqish masalalarini amalga oshirish, test natijalari asosida ishlab chiqarish samaradorligini baholash yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, “Uzbekistan GTL" zavodida kapital ta’mirlash ishlari ikki bosqichda samarali tashkil etildi. Mutaxassislarning yuqori mas’uliyat bilan yondashuvi natijasida barcha ishlar belgilangan muddatdan 20 kun avval yakunlandi.
Uchrashuvda tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, barqaror rivojlanishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va strategik yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy maqsadlarni belgilab olish masalalari yuzasidan kelishib oldilar.
Shu bilan birga, ikki tomon ham mavjud hamkorlikni kengaytirish, yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish va samarali investitsion muhit yaratishda manfaatdor ekanligini ta’kidladi.