“O‘zbekneftgaz” AJ va Xitoy Eksport-import banki o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 20 iyun kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda Xitoy Eksport-import banki raisi, janob Chen Xuayuy boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish faoliyati va keyingi yillarga mo‘ljallangan strategik rivojlanish yo‘nalishlari xususida atroflicha fikr almashdilar.
Shuningdek, kompaniyaning investisiyaviy dasturlari va mazkur sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida Xitoy kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan loyihalardagi shartnomalarni moliyalashtirish imkoniyatlari, shuningdek, istiqbolli yangi investision tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bank tomonidan taklif etilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy mexanizmlar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ va Xitoy Eksport-import banki o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv (Cooperation Agreement) imzolandi. Ushbu kelishuv ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi, shuningdek, strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratishi kutilmoqda.