“O‘zbekneftgaz” AJ va SLB Ustyurt viloyati loyihasi bo‘yicha strategik hamkorlikni mustahkamlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi Raisi va SLB kompaniyasining Osiyo mintaqasi bo‘yicha Prezidenti o‘rtasida ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda asosiy e’tibor Ustyurt mintaqasidagi konlarni boshqarish bo‘yicha Strategik hamkorlik doirasida tuzilgan shartnomani (Field Management Agreement) amalga oshirish masalalariga qaratildi.
Tomonlar loyihani amalga oshirishning asosiy bosqichlarini muhokama qildilar. Jumladan, hamkorlikdagi loyihani boshqarish guruhini (Joint Project Management Team) shakllantirish hamda xalqaro darajadagi yuqori malakali mutaxassislarni loyihani tezkor amalga oshirishga jalb etishga kelishib oldilar.
Loyihaning birinchi bosqichini ishga tushirish yuzasidan aniq qadamlar, jumladan, tashkiliy ishlar, infratuzilmani tayyorlash va harakatlar rejasini kelishish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning istiqbolli maqsadlari — resurslardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish hamda geologiya-qidiruv faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Kompleks yondashuv va uzoq muddatli natijalarga yo‘nalish har ikki tomon uchun ustuvor sifatida belgilandi.
Uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amaliyotda tatbiq etish va O‘zbekistonning neft-gaz sohasida barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga tayyorlik tasdiqlandi.