Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 29/05/2025 “O‘zbekneftgaz” AJ Qozog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida barqaror rivojlanish va karbonsizlanish bo‘yicha to‘rt tomonlama shartnoma imzoladi

“O‘zbekneftgaz” AJ Qozog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida barqaror rivojlanish va karbonsizlanish bo‘yicha to‘rt tomonlama shartnoma imzoladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiyaning rasmiy uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – dekarbonizatsiya va barqaror tashabbuslar sohasida to‘rt tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti homiyligida o‘tkazilgan Ostona xalqaro forumida ishtirok etishdan iborat.

«O‘zbekneftgaz» AJ, «QazMunayGaz» MK AJ, «Tatneft» AJ va SOCAR o‘rtasida imzolangan ushbu Shartnoma neft-gaz sohasida uglerod chiqindilarini kamaytirish, barqaror yechimlarni ilgari surish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ va «QazMunayGaz» MK AJ o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda. Hamkorlik geologiya-qidiruv ishlari, gaz-kimyo sohasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, innovasion va ekologik texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Tomonlar o‘zaro manfaatdorlikni ta’kidlab, hamkorlikni yanada faollashtirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini bildirdi. Bu hamkorlikning strategik ahamiyati va ikki davlat energetika sohasining barqaror rivoji uchun muhimligini ko‘rsatadi.

Ushbu tadbir formati «O‘zbekneftgaz» AJ delegatsiyasi uchun «Tatneft» AJ va SOCAR rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi. Muzokaralar davomida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning joriy holati muhokama qilindi hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular geologiya-qidiruv ishlari, gaz-kimyoni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va barqaror energetika tashabbuslarini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Ushbu tashrif milliy energetika kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuqori darajasini yana bir bor tasdiqladi hamda energetika sohasidagi transformatsiya sharoitida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling