Valyuta kurslari 17/06/2025
$1 – 12715.13
UZS – -0,35%
€1 – 14730.48
UZS – 0,17%
₽1 – 161.75
UZS – 1,04%
Qidirish
O‘zbekiston 17/06/2025 O'zbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan elchisi Anqaraga yetib keldi

O'zbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan elchisi Anqaraga yetib keldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Ilhom Haydarov kecha Anqara shahriga yetib keldi. Kunning ikkinchi yarmida O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol Bosh boshqarmasi boshlig'i, elchi Ahmet Jemil Mirog'luga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Muloqot davomida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan O'zbekiston-Turkiya ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro tashkilotilar doirasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari, xususan joriy yil 21-22-iyun kuni Istanbulda bo'lib o'tadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 51-sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasining ishtiroki muhokama qilindi.

Shuningdek, turli darajadagi o'zaro tashriflar va qo'shma tadbirlarni tashkil etish, jumladan, ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni o'tkazish kabi masalalar ko'rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o'rtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar va turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Ahmet Jemil Mirog'lu O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisiga Turkiyadagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi va Istanbuldagi Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni yo'lga qo'yishga yaqindan ko'mak ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.

56 yoshli diplomat 2024-yil iyul oyidan buyon O'zbekiston tashqi ishlar vazirining o'rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti), Rossiya tashqi savdo akademiyasini, Memfisdagi (AQSh) Xalqaro paxta maktabini tamomlagan.

O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va xorijiy vakolatxonalarda savdo-iqtisodiy maslahatchi, Ukrainadagi elchi lavozimlarida ishlagan.

2009-yildan 15 yil davomida "O'zbekengilsanoat" davlat aksiyadorlik kompaniyasiga (hozirgi "To'qimachilik va tikuv-trikotajsanoat" uyushmasi) rahbarlik qilgan. Shu bilan birga, 2021–2024-yillarda O'zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi sifatida ishlagan.

Ingliz va fransuz tillarini mukammal biladi.Ilhom Haydarov Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi raisi etib saylangan Alisher Agzamxodjayev o'rniga tayinlandi. Alisher Agzamxodjayev 2017-2025-yillarda O'zbekistonning Turkiyadagi, 2018 yildan e'tiboran esa bir vaqtning o'zida Bolgariyadagi elchisi bo'lib ishlagan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling