O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi vatandoshlarni noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashish oqibatlari haqida ogohlantirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Yevropa davlatlariga noqonuniy migratsiyada ishtirok etish javobgarligi haqida fuqarolarga murojaat qildi.
"So‘nggi paytlarda jinoiy guruhlar O‘zbekiston fuqarolariga katta miqdorda pul mukofoti vaʼda qilib, ularni Yevropa davlatlariga, xususan, Gretsiyaga dengiz orqali noqonuniy migrantlarni olib o‘tishda vositachi sifatida foydalanishga harakat qilmoqda", — deyiladi konsulxona bayonotida.
Konsulxona Turkiya qonunchiligiga muvofiq, bunday faoliyat uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tdi. Noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashgan shaxslarga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, yirik jarima, deportatsiya, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga kirish taqiqlanishi, shuningdek, Turkiyada doimiy yashash va ishlash huquqidan mahrum etilish kabi jazolar qo‘llanilishi mumkin.
Shu bois, Bosh konsulxona hamyurtlarni jinoiy guruhlarning vaʼdalariga ishonmaslikka va bunday sxemalarda qatnashmaslikka qattiq chaqirdi.