O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi fuqarolarni xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Islom Respublikasi Eronda harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashgan sharoitda, O‘zbekiston Respublikasining Tehrondagi Elchixonasi mamlakat hududida bo‘lib turgan hamyurtlarga murojaat yo‘lladi.
Murojaatda raketalar bilan bog‘liq ehtimoliy xavf va mintaqadagi noaniq vaziyatda shaxsiy xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Elchixona tomonidan quyidagi tavsiyalar berilmoqda:
xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilish va odamlar ko‘p to‘planadigan joylardan uzoq yurish;
Eron rasmiy idoralari va O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi tomonidan eʼlon qilinayotgan rasmiy maʼlumotlarni diqqat bilan kuzatish;
o‘zingiz bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar hamda favqulodda holatlar uchun Elchixona aloqa maʼlumotlarini doim olib yurish.
Zarur hollarda quyidagi elchixona telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin:
+98 21 2229 9780
+98 21 2283 2025
Shuningdek, elektron pochta orqali ham murojaat qilish mumkin: iri.uzembassy@mfa.uz
Mazkur murojaat Erondagi harbiy va yadroviy obyektlarga qilingan zarbalar to‘g‘risidagi xabarlar ortidan, mintaqada vaziyat keskinlashgani sababli eʼlon qilindi.