Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
O‘zbekiston 18/06/2025 O‘zbekistondagi aksariyat avtobus bekatlari belgilangan standartlarga javob bermaydi

O‘zbekistondagi aksariyat avtobus bekatlari belgilangan standartlarga javob bermaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan qoldirilayotgan murojaatlarda avtobus bekatlari belgilangan talab darajasida emasligi va unda yo‘lovchilar uchun yetarli darajada qulayliklar yaratilmaganligi yuzasidan ko‘plab eʼtirozlarini bildirishmoqda.

Mazkur murojaatlar asosida Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tanlanma usulida 2 800 tadan ortiq bekatlar faoliyati o‘rganib chiqildi. O‘rganishlarda ularda belgilangan normalarga nomuvofiq faoliyat ko‘rsatayotgan baʼzi bekatlarda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:

Jumladan,

  • 286 ta holatda - kutish zallarining uchta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilmaganligi sababli yo‘lovchilar issiq va sovuq havodan himoyalanmagan;
  • 210 ta holatda - kutish zallarida savdo shoxobchalari joylashtirilgan;
  • 387 ta holatda - nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar mavjud emas;
  • 412 ta holatda - kutish zallarida elektr yoritgichlar o‘rnatilmagan;
  • 57 ta holatda - yomg‘ir, qor va shamolli kunlarda yo‘lovchilar uchun pavilyon mavjud emas;
  • 156 ta holatda - bekat nomi yozilgan ko‘rsatkich qo‘yilmagan;
  • 255 ta holatda - yo‘nalishning tartib raqami mavjud emas.

Xususan, respublikamizda avtomobil yo‘llaridagi avtobus bekatlariga qo‘yiladigan umumiy talablarning davlat standartida

(O‘zDSt 3196-2017-sonli):

  • sovuq va issiq havodan yo‘lovchilarni himoya qilish maqsadida kutish zallarining kamida 3 ta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilgan bo‘lishi;
  • qatnovlarning tig‘iz paytida mazkur bekatlar maydoni 4 ta yo‘lovchi uchun kamida 1 m2 ni tashkil etishi;
  • savdo shoxobchalari kutish zallaridan tashqarida joylashishi;
  • nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar bilan jihozlanishi;
  • kutish zalining har 10 m2 uchun kamida 1 ta o‘rindiq (skameyka) o‘rnatilishi;
  • kutish zallarida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha chiqish eshiklari mavjud bo‘lishi;
  • bekat tashqarisi hamda kutish zaliga alohida chiqindi qutilari o‘rnatilishi;
  • kutish zallari elektr yoritgichlar bilan taʼminlangan bo‘lishi;
  • bekat konstruksiyalarida reklamalarni joylashtirishga ruxsat bermaslikdan iborat qator talablar belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari”da shahar atrofi yo‘nalishlaridagi bekatlar yo‘lovchilarning u yerga xavfsiz va qulay kelishini taʼminlashni hamda qonunchilik talablarini hisobga olgan holda joylashtirilishi va ularda quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

  • pavilyonni joylashtirish uchun asfaltlangan maydonchalar va yo‘lovchilarning bekatga kelishi uchun asfaltlangan yo‘lkalar;
  • yo‘lovchilarning yomg‘ir, qor, shamoldan bekinishi (himoyalanishi) uchun pavilyon;
  • bekatning nomi yozilgan ko‘rsatkich;
  • yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar.

Qo‘mita tomonidan o‘rganishda aniqlangan yuqoridagi kabi kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Transport vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli ko‘rsatma yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling