Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 29/01/2025 O‘zbekistonda “yashil texnologiyalar”dan foydalangan holda energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonda “yashil texnologiyalar”dan foydalangan holda energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarligida xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Yashil innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda energiya samaradorlikni oshirish va barqaror issiqlik ta’minotini ta’minlash masalalari” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.

Ushbu tadbir mavjud binolarning energiya samaradorligini oshirish va markazlashgan issiqlik ta’minotini isloh qilish hamda barqaror rivojlantirishga qaratilgan Prezident qarori loyihasi bo‘yicha ekspert fikrlari va tavsiyalarini yig‘ishga qaratildi.

Ushbu tadbirda xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda vazirlik va idoralar, jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Energetika, Sog‘liqni saqlash hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mutasaddilari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida mavjud binolarning energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va energiya yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqish, shuningdek, markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini tahlil qilish natijalari muhokama qilinib, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy qilish zarurligi qayd etildi, mutaxassislarning bu yo‘nalishdagi fikr-mulohazalari almashildi. Shu munosabat bilan ko‘rsatilgan masalalar hamda islohotlarni aniq yondashuvlar asosida amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi Prezident qarori loyihasini kiritish belgilandi.

Qaror loyihasida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishni kengaytirish, binolarning energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiya qilish, energiya yo‘qotishlarini minimallashtirish hamda barqaror issiqlik ta’minotini rivojlantirish choralari belgilangan.

Qaror loyihasini ishlab chiqishda Jahon banki, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki, Osiyo Taraqqiyot banki, Xalqaro energetika agentligi va boshqa xalqaro hamkorlarning tajriba va tavsiyalari to‘liq inobatga olingan.

Davra suhbati doirasida Jahon bankining Infratuzilma bo‘yicha mintaqaviy direktori Charlz Kormier, Jahon bankining Energetika va qazib olish sanoati bo‘yicha mintaqaviy menejeri Stefani Gil hamda Osiyo Taraqqiyot bankining katta energetika mutaxassisi Alfredo Bano kabi xalqaro ekspertlar binolar energiya samaradorligi va isitish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot qilib, strategiyalar va fikrlar bilan bo‘lishdilar. Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), GIZ va boshqa tashkilotlar vakillari ham O‘zbekistonning issiqlik ta’minoti sektorini modernizatsiya qilish uchun “yashil texnologiyalar”dan foydalanish bo‘yicha ahamiyatli takliflarini bildirdilar.

Muhokamalarda isitish xizmatlari sifatini va ishonchliligini oshirish, ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini yaxshilash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish va sohaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish va ularning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Tadbir yakunida mazkur qaror mamlakatda energiya barqarorligini ta’minlash, isitish xizmatlari sifati va ishonchliligini oshirish, sohada xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mamlakatimizda energiya samaradorlik bo‘yicha yangi bozorni shakllantirishdagi ahamiyati ta’kidlandi. Davra suhbati davomida davlat idoralari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi doimiy hamkorlikning muhimligi va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling