O‘zbekistonda so‘ngi maʼlumotlarga ko‘ra chigirtkaga qarshi kurash doirasida 500 ming gektardan ortiq maydonda ish olib borildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda chigirtka hujumiga qarshi kuzatuv va kimyoviy kurash chora-tadbirlari izchil davom etmoqda. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilda zararkunandalarning populyatsiyasini kuzatish ishlari 885,9 ming gektar yerda amalga oshirildi. Shundan 524,9 ming gektar maydonda chigirtka tarqalishi qayd etilgan. Zararlangan yerlarning 515,8 ming gektarida kimyoviy ishlov berish ishlari olib borildi.
Asosiy ishlar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Navoiy va Toshkent viloyatlarida saksaulli bukri chigirtkasiga qarshi kurashishga qaratilgan.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida esa asosiy zararlangan hududlar allaqachon lokalizatsiya qilingan va yo‘q qilingan.
Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati kunu-tun ish rejimida faoliyat yuritmoqda. Kimyoviy ishlov berish asosan ertalab va kechqurun amalga oshirilmoqda, chunki ushbu paytda preparatlar samarasi yuqori bo‘ladi. Kunduzi esa monitoring o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan,
Aholi chigirtka tarqalishini ko‘rgan taqdirda, bu haqda quyidagi raqamlar orqali xabar berishlari mumkin:
Qisqa raqam: 1288
Statsionar telefon: (71) 202−10−00
Agentlik taʼkidlashicha, barcha tadbirlar, jumladan preparatlar va kimyoviy ishlov berish ishlari mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda chigirtka tarqalishi mumkin bo‘lgan yerlar maydoni 608 ming gektardan oshib ketishi mumkin.