O‘zbekistonda «sirli mijozlar» umra sayohatlarini tashkil etuvchi turoperatorlarni tekshirishni boshlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda umra sayohatlarini tashkil etuvchilarni «sirli mijozlar» yordamida tekshirish amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, qo‘mita xodimlari oddiy mijoz sifatida turoperatorlarga murojaat qilib, litsenziya mavjudligi, safar shartlari, narxi va to‘lov usullarini baholaydi. Zarur hollarda “soxta” mijozlar yashirin audio yoki video yozuv olishlari mumkin.
Bunday choralar noqonuniy tashkilotchilarni tez fursatda aniqlash va ziyoratchilar huquqlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi. Noqonuniy faoliyat tasdiqlanganda, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi yoki rasmiy tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.