O‘zbekistonda shamol turbinalari va vint lopastlarini ishlab chiqarish lokalizatsiya qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda shamol generatorlari uchun turbina va lopastlarni ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda ACWA Power kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Abid Malik Toshkent xalqaro investitsiya forumida maʼlum qildi.
U taʼkidlashicha, ACWA Power ko‘plab taʼminlovchilar bilan hamkorlik qiladi va mamlakatda qayta tiklanadigan energiya manbalarini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga mahalliy korxonalarni jalb etishga intilmoqda. Shu bilan birga, kompaniya ularga texnik ko‘mak ham taqdim etmoqda.
Abid Malik maʼlum qilishicha, Qoraqalpog‘istonda 200 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurilishi loyihasi doirasida kompaniya turbina ishlab chiqaruvchi taʼminlovchiga ushbu mahsulotni bevosita O‘zbekistonda ishlab chiqarish vazifasini qo‘ygan.
«Bizning taʼminlovchimiz yaqin vaqt ichida mamlakat hududida shamol turbinalari va lopastalarini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda», — deb qo‘shimcha qildi u.