O‘zbekistonda Ramazon 1 martdan boshlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda muborak Ramazon oyi 1 mart kuni boshlanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroridan keltirilgan Islom din ishlari bo‘yicha qo‘mita maʼlumotiga asosan xabar berilmoqda.
Hujjatda taʼkidlanishicha, Ramazon azaldan o‘zbek xalqi uchun yaxshilik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lib kelgan. Mamlakatda vijdon erkinligini taʼminlash, islom qadriyatlarini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish, tinchlik muhitini mustahkamlash, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu muborak oyda kam taʼminlangan aholi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shu munosabat bilan masʼul tashkilotlarga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
Muhtojlarga yordam ko‘rsatish va ilm olishga intilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash.
Oilalarda bag‘rikenglikni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro hurmat, rahm-shafqat va insoniylikni targ‘ib qilish.
Atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish, muqaddas joylar va qabristonlarni obodonlashtirish, daraxt ekish, shuningdek, Ramazonga oid tadbirlarda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik va kamtarlikka rioya qilish.