O‘zbekistonda pestitsidlarni boshqarish tizimini mustahkamlash bo‘yicha yuqori darajadagi huquqiy seminar bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida "O‘zbekistonda pestitsidlarni boshqarish tizimini mustahkamlash: Sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va savdo talablariga muvofiqlik bo‘yicha huquqiy islohotlar" mavzusidagi huquqiy seminar bo‘lib o‘tdi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak» loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu muhim tadbirda 40 nafarga yaqin vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Ushbu huquqiy seminarning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
Pestitsidlarni boshqarish sohasidagi huquqiy va institutsional muammolar, shuningdek, bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar haqida siyosatchilar va manfaatdor tomonlar o‘rtasida xabardorlikni oshirish;
O‘zbekistonning Rotterdam Konvensiyasiga qo‘shilishi va kimyoviy moddalarni global moslashtirilgan tartibda tasniflash va yorliqlash tizimi (GHS)ni to‘liq joriy yetish yuzasidan muloqotni rag‘batlantirish;
Vazirliklar o‘rtasida muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaxshilash bo‘yicha huquqiy yechimlarni ko‘rib chiqish;
Pestitsidlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, qo‘llash va ularni yo‘q qilish tartiblarini xalqaro ilg‘or amaliyotlarga muvofiq ravishda isloh qilish uchun amaliy chora-tadbirlarni aniqlash;
O‘ta xavfli pestitsidlardan bosqichma-bosqich voz kechish hamda kamroq xavfli pestitsidlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rag‘batlantirish bo‘yicha choralarni qo‘llab-quvvatlash.
"Bugungi seminar O‘zbekistonda pestitsidlarni boshqarish tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz vazirliklar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, zamonaviy litsenziyalash tizimini joriy etish va jamoat salomatligi hamda atrof-muhit xavfsizligini taʼminlash uchun kompleks yondashuvni qo‘llashga intilmoqdamiz", dedi Sherzod Umarov FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari.
Seminarda O‘zbekistonning hozirgi pestitsidlarni boshqarish tizimidagi tanqidiy kamchiliklar, jumladan, kompleks hayot siklini boshqarish tizimlarining yo‘qligi, tartibga soluvchi organlar o‘rtasidagi cheklangan muvofiqlashtirish va xalqaro xavfsizlik standartlariga moslashtirish zarurati ko‘rib chiqildi. Pestitsidlarni to‘g‘ri boshqarish nafaqat dehqonlar va isteʼmolchilarni himoya qilish uchun, balki atrof-muhit barqarorligini taʼminlash va xalqaro savdo talablarini bajarish uchun ham muhimdir.
Seminar doirasida to‘rtta tematik sessiya bo‘lib o‘tdi. Birinchi sessiyada muvofiqlashtirilgan huquqiy tizimni shakllantirish masalasi ko‘rib chiqildi. Ikkinchi sessiya institutsional hamkorlik mexanizmlariga bag‘ishlandi. Uchinchi sessiyada litsenziyalash va nazorat amaliyotlari muhokama qilindi. To‘rtinchi sessiyada esa Rotterdam konvensiyasi va GHS tizimiga muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro ekspert Stefan Robinson o‘z maʼruzasida pestitsidlarning hayot siklini boshqarishdagi global tendensiyalar, mavjud imkoniyatlar va O‘zbekiston oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. U o‘ta xavfli pestitsidlarga qarshi global xarakat chaqirig‘i va xavfsizroq muqobil vositalarga o‘tish muhimligini taʼkidladi.
FAOning xalqaro huquqiy konsultanti Irina Kireyeva esa tashkilot tomonidan o‘tkazilgan huquqiy tahlil natijalari asosida O‘zbekiston qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar taqdim yetdi.
Seminarda pestitsidlarning barcha bosqichlarini – ishlab chiqarish va importdan tortib idishlar va chiqindilarni xavfsiz yo‘q qilishgacha – qamrab oluvchi keng qamrovli pestitsid qonunchiligining zarurligi taʼkidlandi. Ishtirokchilar samarali pestitsidlarni boshqarish nafaqat mustahkam huquqiy asoslar, balki yetarli institutsional salohiyat, vazirliklararosi muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlarni jalb qilishni talab qilishini taʼkidladilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar pestitsidlarni boshqarish sohasida huquqiy islohotlar va institutsional salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha dastlabki tavsiyalarni ishlab chiqdilar. Yaqin vaqt ichida ushbu tavsiyalarni amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
Ushbu seminar O‘zbekistonda xavfsiz va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, jamoat salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish, shu bilan birga mamlakatning qishloq xo‘jaligi sektorining xalqaro standartlar va savdo talablarini bajarishi borasidagi muhim qadam hisoblanadi.