Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
O‘zbekiston 09/04/2025 O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini kuchaytirishga yo‘naltirilgan yangi dolzarb loyiha ishga tushirildi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini kuchaytirishga yo‘naltirilgan yangi dolzarb loyiha ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi – global ahamiyatga ega masala bo'lib, uni ta'minlash millionlab insonlar hayoti va salomatligini saqlashda hal qiluvchi rol o'ynaydi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko'ra, har yili dunyoda 600 milliondan ortiq odam (har 10 kishidan bittasi) oziq-ovqatdan zaharlanish oqibatida kasallanadi va 420 ming kishi vafot etadi. Bu nafaqat sog'liq, balki iqtisodiy yo'qotishlarga ham olib keladi.

Tez sur’atlar bilan o‘zgarayotgan dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar bilan birga, uni ta’minlashning yangi imkoniyatlari ham yuzaga kelmoqda. Ushbu murakkab sharoitda barqaror va yuqori samarali oziq-ovqat nazorati tizimlarini joriy etish strategik ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda O'zbekiston Respublikasi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati tizimini modernizatsiya qilish bo'yicha kompleks qonunchilik va institutsional islohotlarni izchil ravishda amalga oshirib kelmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini oshirish, iste'molchilar salomatligini himoya qilish, muvozanatli va sifatli ovqatlanish imkoniyatlarini ta'minlash hamda xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi bilan hamkorlikda "Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini kuchaytirish va savdosiga ko‘maklashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari nazorati tizimini baholash" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha izchil tadbirlarni boshladi.

8-10 aprel kunlari Toshkent shahrida loyihaning kirish seminari va texnik treninglari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining vakillari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

Loyiha doirasida quyidagi natijalarga erishish ko‘zda tutilgan:

Dalillarga asoslangan ko‘p tomonlama yondashuv orqali oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimining samaradorligini tahlil qilish.

Vakolatli organlar xodimlarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash va O‘zbekistonda ushbu tizimni strategik rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

"Oziq-ovqat mahsulotlari nazorati tizimini baholash loyihasi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy tizimini yaratish yo‘lida muhim qadamdir," — deydi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. "Ushbu loyiha xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatishning samarali usullarini aniqlashga hamda xalqaro standartlarga asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishga yordam beradi. Bu nafaqat aholining sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki O‘zbekiston mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi mavqeini ham mustahkamlaydi."

Xavfsiz bo'lmagan oziq-ovqat mahsulotlari iste'moli katta iqtisodiy yo'qotishlarga olib keladi. Bundan tashqari, bunday mahsulotlar eksport imkoniyatlarini cheklab, rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Iqlim o'zgarishi, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat tizimlarining globallashuvi hamda ishlab chiqarish va tarqatish zanjirlarining murakkablashuvi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq tahdidlarni ham kuchaytiradi.

FAOning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va iste’molchilarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassisi Meri Kenni O‘zbekiston Hukumatini so‘nggi yutuqlar hamda Parlamentda yangi Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun muhokamalarining ilgari surilayotgani bilan tabriklab, quyidagilarni ta’kidladi: “Oziq-ovqat nazorati tizimini chuqur tahlil qilish va amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi talab va choralarining ilmiy hamda xavfga asoslangan yondashuvlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Tizimda ishtirok etuvchi har bir vakolatli organning roli va mas’uliyati aniq belgilanishi, davlat idoralari, xususiy sektor, ilmiy muassasalar va akademik doiralar o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi.”

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini baholash yakunlari asosida O‘zbekiston uchun milliy oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasi va harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Ushbu hujjatlar mamlakatda zamonaviy va barqaror oziq-ovqat nazorati tizimini shakllantirishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, aholining sog‘lig‘i va farovonligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish va xalqaro bozorlarda ishonchli hamkor sifatida O‘zbekistonning mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling