Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 14/05/2025 O‘zbekistonda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning uch bosqichli tizimi joriy etilmoqda

O‘zbekistonda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning uch bosqichli tizimi joriy etilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida” gi Prezident Farmoni (PF-84-son, 08.05.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 15 maydan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab ko‘rsatiladi.

“Qizil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

aʼzolarining kamida 1 nafari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan;

parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi bo‘lgan;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat bo‘lgan;

boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila;

“Sariq” toifaga – oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lgan hamda aʼzolari sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar kiritiladi.

“Yashil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan bo‘lsa;

oilaning Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori bo‘lsa.

2025 yil 1 iyundan, ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1 yanvardan esa faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi:

davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi;

kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi;

“qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Ushbu reyestriga kiritilgan oilalar aʼzolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar oilalar kambag‘al deb eʼtirof etilgani to‘g‘risidagi maʼlumotlar yoki shaxsning kambag‘al deb eʼtirof etilgan oilaning aʼzosi ekani haqidagi maʼlumotnoma asosida ko‘rsatiladi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.

2025 yil 1 sentyabrdan umumiy o‘rta taʼlim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.

2026 yil 1 yanvardan kambag‘al oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qiydigan farzandlarining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling