O‘zbekistonda issiq ob havo sababli elektr energiyasi isteʼmoli bo‘yicha rekord qayd etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda davom etayotgan anomal issiqliklar fonda kunlik elektr energiyasi isteʼmoli bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Milliy dispetcherlik markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil 16 iyuldan 21 iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi.
Ilk bor yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimumdan oshib ketdi. Jumladan, 18 iyul kuni isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi 272,6 million kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu esa avvalgi qishki rekord (271,8 million kVt⋅soat) va yozgi rekord (253,3 million kVt⋅soat)dan yuqori.
Bundan tashqari, 21 iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimida yuklama 13,3 GVtga yetdi. Bu ko‘rsatkich ham qishki maksimum (12,5 GVt), ham 2024 yil iyulidagi daraja (11,8 GVt)dan ancha yuqori.
Toshkent shahrida isteʼmol o‘sishi ayniqsa sezilarli bo‘ldi. Bu yerda kunlik elektr energiyasi isteʼmoli 32,4 million kVt⋅soatni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33% ko‘pdir. Maksimal yuklama 1811 MVtni tashkil etdi, bu ham o‘tgan yilgi ko‘rsatkich (1680 MVt)dan yuqori. Umumiy hisobda iyul oyidagi isteʼmol o‘tgan yilga nisbatan 7,6% ga ko‘paygan, oy boshidan beri o‘sish 11% ni tashkil etgan.
Energetika vazirligi maʼlum qilishicha, tarmoqning barqaror ishlashini taʼminlash va yuklama yuqori bo‘lgan soatlarda nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi tomonidan tun-u kun faoliyat yurituvchi avariyali brigadalar tashkil etilgan. Shuningdek, aholiga murojaat yo‘llab, elektr energiyasidan oqilona foydalanish va zaruratsiz yuqori energiya talab qiladigan uskunalarni ishga tushirmaslik tavsiya qilindi.