Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 15/05/2025 O‘zbekistonda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi

O‘zbekistonda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mamlakatimizda aholining, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi xabardorlik darajasini oshirish, yaratilgan intellektual faoliyat natijalarini muhofaza qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali ortiqcha talablarni bekor qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan ham sanoat mulki obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida talab qilinadigan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni bekor qilish taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyihada elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan talabnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish muddatini 10 kun etib belgilash nazarda tutilyapti.

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi muhofaza hujjatlarini esa yagona QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda elektron shaklda avtomatik tarzda berish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, tovar kelib chiqqan joy nomini va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan o‘tkazish muddatini yetti oydan bir oyga qisqartirish, intellektual mulk obyektini ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat bojini to‘lash uchun belgilangan uch oylik muddat o‘tkazib yuborilganda, uni qo‘shimcha to‘lov evaziga (patent bojining 50 foizi) olti oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar ishchi guruh yig‘ilishlarida chuqur tahlil qilinib, ular asosida hujjat matni takomiliga yetkazilgani alohida qayd etildi.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga va innovatsion jihatdan yuksalishiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi intellektual mulk tizimini shakllantirish hamda intellektual faoliyat natijalari egalariga o‘z intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling