Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 26/02/2025 O‘zbekistonda «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» medali taʼsis etildi

O‘zbekistonda «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» medali taʼsis etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» yodgorlik yubiley medalini taʼsis etish haqida farmon imzoladi.

Bu mukofotga Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar sazovor bo‘ladilar. Xususan, bu medal 1941–1945 yillarda «Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun» va «Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun» kabi mukofotlar bilan taqdirlangan, shuningdek, harbiy xizmatdagi fidokorona mehnati uchun boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan shaxslarga beriladi. Bundan tashqari, urush qatnashchisi yoki Vatan urushi nogironi guvohnomasiga ega shaxslar ham ushbu medalga sazovor bo‘ladilar.

Shuningdek, mazkur medal Ikkinchi jahon urushi yillarida G‘alabaga hissa qo‘shgan mehnat fronti faxriylari uchun ham mo‘ljallangan. Ular qatoriga «1941–1945 yillardagi Buyuk Vatan urushida fidokorona mehnati uchun», «Mehnat shuhrati uchun», «Mehnatdagi muvaffaqiyatlari uchun» medallari bilan taqdirlanganlar yoki 1941–1945 yillarda Qurolli Kuchlar tizimida shartnoma asosida yollangan shtatli lavozimlarda ishlagan shaxslar kiradi.

Mukofotlanuvchilar ro‘yxati Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan tasdiqlanadi.

Tantanali medal topshirish marosimi 9 may — Xotira va qadrlash kunida bo‘lib o‘tadi. Mukofot bilan birga faxriylarga bir martalik pul mukofoti ham taqdim etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling