O‘zbekistonda franchayzing bozorini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Kurbanov Jahon franchayzing assotsiatsiyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha vakili Anton Gladkix bilan uchrashuv o‘tkazdi.
World Franchise Associates (WFA) — xalqaro franchayzing sohasida yetakchi konsalting va marketing kompaniyasi bo‘lib, uning asosiy vazifasi franchayzerlarga yangi xalqaro bozorlarga kirishda yordam berish va investorlarga yetakchi brendlarning franchayzing imkoniyatlarini taqdim etishdan iborat. Uning mijozlari orasida Earl of Sandwich, Fastsigns, Popeyes, Doner Kebab kabi brendlar mavjud.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda franchayzing bozorini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari, mahalliy brendlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, xalqaro brendlarni O‘zbekiston bozoriga kiritish va mahalliy franchayzing kompaniyalarini rivojlantirish hamda hamkorlik kelishuvlarini shakllantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
A. Gladkix xalqaro franchayzing brendlari va xizmatlarini joriy etish O‘zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va mamlakatning global bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Shuningdek, tomonlar WFA bilan hamkorlik mamlakatning xalqaro bozorlarga integratsiyasini yana-da mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanishda yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qilishi mumkinligini qayd etdi.