O‘zbekistonda chiqindilarni olib chiqib ketish uchun to‘lov intizomi kuchaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish sohasida to‘lov intizomini kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Hujjatga muvofiq, Fuqarolik va Uy-joy kodeksi, shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida” va “Elektroenergetika to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi qonunga ko‘ra, chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish xizmati uchun qarzi mavjud bo‘lgan isteʼmolchilarga SMS-xabarnomalar yuboriladi. Agar qarz o‘z vaqtida to‘lanmasa, bunday isteʼmolchilar uchun elektr energiyasiga to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi va bu cheklov qarz to‘liq qoplanmaguncha amal qiladi.
Shuningdek, chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar hisob-kitoblarni aniqlash va to‘lov tizimining ishonchliligini taʼminlash majburiyatini oldi.
Qonun uch oydan so‘ng kuchga kiradi.